Reket (ing . racket — qoʻrqitish, doʻq-poʻpisa) — tovlamachilik, qoʻrqitish, doʻqpoʻpisa, zoʻravonlik va boshqa yoʻllar bilan biror narsa undirish. Reket dastlab Italiyaning Sitsiliya orolida paydo boʻlib, soʻng butun Yevropa mamlakatlariga yoyiddi. AQShda zoʻravon tovlamachi gangsterlar reketchilar deyilgan. Sobiq SSSR hududida 80-yillarning 2-yarmidan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar, kooperativlar, xususiy korxonalar, birjalar, savdo uylari, tijorat doʻkonlari paydo boʻlishi bilan reket. vujudga keldi [1].
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Savdo sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorida (9 15.03.1996) ko’rsatib o’tilganidek, qanday bo‘lmasin mulkiy manfaatdor bo‘lish maqsadida tovarlarni bozorga erkin kirib kelishiga har qanday yo‘sinda to‘sqinlik qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarish, o‘ta yuqori narxlarni sun’iy ravishda saqlab turish to‘g‘risida talab qo‘yish va tovar egasiga, bozor ma’muriyati yoki o‘zga shaxslarga nisbatan zo‘rlik ishlatish, ularni zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, mulkiga shikast yetkazish yoki mulkini nobud qilish bilan bog‘liq boshqa harakatlar tovlamachilik (reket) tariqasida Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim. Tovlamachilik mulkiy manfaatdor bo‘lish maqsadida talab qo‘yishda yoxud tovlamachi foydasiga mulkiy xarakterdagi harakatlarni sodir etishda (tovarni past narxda yoxud tekinga berishda, tovarni zo‘rlik ishlatib olib qo‘yishda va sh.o‘.) ifodalanishi mumkin. Tovlamachilik uchun jinoiy javobgarlikka tortishga, aybdorning zo‘rlik ishlatish to‘g‘risidagi tahdidini amalga oshirgan bo‘lishi shart bo‘lmay, bunday talab qo‘yilishining o‘zi yetarlidir.
Jinoyat qonunchiligiga muvofiq tovlamachilik uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Tovlamachilik:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) ko‘p miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Tovlamachilik:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1] OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
[2] https://lex.uz/uz/docs/-1441818 O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Savdo sohasidagi jinoyatlar
va boshqa huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qarori (9 15.03.1996)