O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 243-moddasiga muvofiq jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, ya’ni mulk (pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyat natijasida topilgan bo‘lsa, uni o‘tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo‘li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, xuddi shuningdek bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko‘chirish usulini, pul mablag‘lariga yoki boshqa mol-mulkka bo‘lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirish yoxud sir saqlash tushuniladi.
Mazkur tushunchaning jinoiy-huquqiy tabiati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori (1-son 11.02.2011)da keng yoritilgan [1].
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (bundan buyon matnda — daromadlarni legallashtirish) jamiyat hayotining turli sohalarida uyushgan jinoyatchilik tug‘ilishi va faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoit yaratishi tufayli milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi.
Daromadlarni legallashtirish tariqasidagi jinoyati tarkibi zarur elementi bu jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan mulk mavjud bo‘lishidir. Bunday mulk alohida olingan bir shaxs tomonidan ham jinoiy uyushma yoki uyushgan guruh tomonidan ham, (JK 29-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlari) qasddan sodir etilgan bir yoki bir necha jinoyat natijasida qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin.
Daromadlarni legallashtirishning bir turi sifatida pul yuvishni ko’rsatish mumkin. Pul yuvish — jinoyat natijasida qoʻlga kiritilgan pul yoki boshqa mulkka qonuniy tus berish, yaʼni noqonuniy yoʻllar bilan topilgan mulkni ochiqchasiga foydalana olish uchun norasmiy iqtisoddan rasmiy iqtisodga olib oʻtish [2].
Shuni nazarda tutish lozimki, daromadlarni legallashtirishning barcha hollarida jinoiy faoliyat natijasida topilgan mablag‘lar fuqarolik muomalasiga kiritiladi.
Jinoyat kodeksi 243-moddasi mazmuniga ko‘ra, daromadlarni legallashtirish deganda aybdor tomonidan jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan mulk (pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk)ning kelib chiqishiga qonuniy tus berilishi tushunilishi lozim. Mulk obyekti sifatida bunday hollarda Fuqarolik kodeksi 169-moddasida nazarda tutilgan har qanday mulk bo‘lishi mumkin.
Bunday mulkka qonuniy tus berish pul mablag‘lari yoki boshqa bitimlar amalga oshirishda ifodalanadi.
Moliyaviy operatsiyalarga kapital mablag‘larni harakatlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan operatsiyalar, jumladan, pul mablag‘larini hisobga kiritish, ularni turli banklardagi jamg‘arma hisobvarag‘lariga bo‘lib joylashtirish, boshqa valyutaga o‘tkazish, qonunsiz topilgan pullarga qimmatli qog‘ozlar sotib olish, pul mablag‘larini bankdagi jamg‘arma hisobvarag‘iga qaytarish maqsadida chegaradan tashqariga chiqarish va h.k.
Bitimlar orqali sodir etiladigan legalizatsiya deganda, fuqarolik huquqidagi singari tuziladigan oldi-sotdi, qarz, hadya, garov, ijara, ayirboshlash va h.k. shartnomalar tuzilishi tushuniladi.
JK 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat ko‘rsatilgan moliyaviy operatsiya yoki bitim amalga oshirilgan paytdan boshlab tamomlangan hisoblanadi.
Qonun mazmuniga ko‘ra, daromadlarni legallashtirish uchun javobgarlik jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mulk bilan hatto bitta operatsiya yoki bitim amalga oshirilgan holda ham kelib chiqadi.
Jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkka nisbatan mulkiy huquq va majburiyatlarni vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki tugatishga qaratilgan harakatlarni sodir etishda ishtirok etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilish masalasini hal etishda, har bir holatda bu shaxs mazkur mol-mulk jinoiy faoliyat natijasida orttirilganligini aniq bilgan-bilmaganligi aniqlanishi shart. Masalan, agar shaxs jinoiy faoliyat natijasida topilgan mulkni legallashtirishni xohlab oldi-sotdi shartnomasi tuzgan bo‘lsa va oluvchi sotuvchida mazkur mulkka qonuniy tus berish maqsadi borligini anglagan holda bu mulkni sotib olsa, oluvchining harakatlari daromadlarni legallashtirishga ko‘maklashish sifatida JK 28, 243-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday hukm keyinchalik mulkni oldi-sotdi shartnomasi fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida haqiqiy emas deb topilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Jinoyat qonunchiligida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish uchun besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Xalqaro miqyosda Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (Financial Action Task Force on Money Laundering — FATF) tomonidan ishlab chiqiladigan standartlar alohida ahamiyatga ega [3].
Foydalanilgan adabiyotlar:
[1]https://lex.uz/docs/-1766419 O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni
legallashtirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori (1-son 11.02.2011)
[2] Duhaime, Christine. What is Money Laundering? Duhaime's Financial Crime and Anti-Money Laundering Law. 7 March 2014.